NODIRА АFOQOVА(NODIRА АFOKOVА) DАN BIR GOʼZАL SHE’RIY GULDАSTА

Yuragimga Tun kirdi bir kun, sevgilim.
Manguday u… Men esa nochiz va yolgʼiz.
Men kim? Qarshisida ojizday oʼlim.
Quyoshmi osilgan – oyday ziyosiz.
Qaydan bu otashlar? Soylar qaynagan.
Uchar gulxan boʼlib oʼynaydi shamol.
Seni deb dunyo-la qilyapmanu jang,
Bu jang unuttirar Seni, ehtimol.
Holimizni bayon aylasam, chida:
Bir zum orom ber, deb singraydi dilim.
Katta qaygʼularning vatanlarida
Kichik shodliklarga koʼndik, sevgilim.
Yer yutgan chaqmoqlar kuch yigʼar… yigʼar…
Koʼzimda shoʼr faryod, tilimda kalom.
Nechun qoʼrqmaydilar xudobexabar?
Bor, axir!
Bor, axir, ilohiy intiqom…
Yuragimga Tun kirdi… Yastanib yotar.
Tahajjud vaqtiday har nafas, har dam.
Bu qanday, sevgilim?
Tong botar, tun otar…
Chida bul doʼzaxda aqldan ozsam.


Sizga bari ayon,
Mening bor umrim
Motam aytimiday cholgʼusiz qoʼshiq.
Goʼzal orzulardan haydalgan yoʼlim –
Ul-da Sizga ayon har nedan ortiq.
Siz yaxshi bilasiz, lojaram,
Koʼz yoshni koʼrsatmoq… yoʼq-yoʼq, bu oʼlim.
Balki bu kibrdir…
Yiqilgan odam
Izzati nafsiga tasalli, balkim.
Yiqildim, tuproqni tanidim…
Bir tun
Sigʼmazam… – oʼqirdi yigʼlab koʼhnadoʼz.
Oyning shuʼlasiga uzalgan gulbun
Ilohiy harf boʼlib koʼrindi, ey doʼst.
“Oh, uni unutsam” – vidolar uchdi,
Motam aytimiday cholgʼusiz qoʼshiq.
Jununlar ketmadi. Oshgandan oshdi.
Umid yoʼq… Erta yoʼq…
Qolmish faqat ishq.
Ishqkim, tayrlarni, qurtlarni sevdik.
Bulutlar komida oʼtlarni sevdik.
Tunning adogʼinda nolani sevdik.
Subh ayogʼinda jolani sevdik.
Kuz ildi – havoda mezonni sevdik.
Yomgʼirlar dorida xazonni sevdik.
Xazon islarida alvonni sevdik.
Аlvonga koʼmilgan ayvonni sevdik…
Sizga bari ayon,
Boshqamen endi.
Inonmoq istagi shafaqday oʼchmish.
Tabassumim toʼldirar bu makonni.
Ruhim, ruhim… tark etmish, koʼchmish…
Jismimni tanirlar,
Kelarlar bir kun
Koʼzlarin toʼldirib oʼlik nurlarga.
O, uni gullarga koʼmarlar balkim,
Qabrni koʼmganday gullarga.


Birdan Seni sokin oʼyladim
Bir koʼzimda Oy-u,
Birida Quyosh.
Shamolga va Tunga urilib
Siltandi, yolvordi qurigan bir shox.
Oʼzimdan soʼradim, rostmi shu nahot?
Zulmat choʼkka tushgan, tuyaday choʼkkan.
Nafaslar shol oʼlmish.
Hayotda hayot
Yoʼq kabi… qoyimdir faqat xotirot.
Nimaga arziydi soʼng bu sokinlik?
Nimaga arziydi jonimdagi gʼam?
Muhit daryosida siniq billurdek
Umidlar yulduzi yotar, lojaram…
Dedik, haqni haq de… bizkim, qora el,
Qismatimiz qoʼlidaday illoyu billo
Qayrilib boqmadi bir toʼda oʼzicha xudo,
Yuzi nurdan judo bir toʼda gado.
Ular qon ichganlar, shundan savdoyi.
Oy toʼlsa qoʼrquvga tusharlar.
Yaproqlar shunchaki qon zardobiga
Boʼyalsa qoʼrquvga tusharlar.
Kuz, axir, shunchaki kuz kelgan boʼlar.
Muloyim tortadi tuproq, suv va koʼk.
Pushti-pushti qushlar xuddi odamdek
Oʼchgan shafaqlarga termular.
Kelmaysan… qanchalar sokin aytaman!
Qanday erishgaylar aqlim yetmaydi
Ehtimol, bir kuni qaytsang ham
Bu shunday ayriliq – oʼlsa bitmaydi.


Qalbim toʼla muhabbat va oʼch.
Shitirlaydi qop-qora chorbogʼ.
Xazon cheksiz.
Xazonlar namxush.
Men kuylayman gʼamgin, xirqiroq.
Bu kech Oy rangida bulutlar.
Olchazorlar soyasiz va tund
Аrvohdek oh chekar, qoʼrqitar…
Ne zamonkim, nechundir-nechun
Surgun ruhi kezar ruhimda.
Goʼyo qadim ayolgʼu kezar.
Hazonlarga toʼla bu tunda
Oy rangida bulutlar suzar.
Oʼyin kabi tuyular dunyo.
Bari oʼyin kabi, bari puch.
Men kuylayman gʼamgin, xirqiroq,
“Qalbim toʼla muhabbat va oʼch”.


Yozdan nima qoldi?
Unumsiz shiddat.
Quyosh ranglarini aynitgan ayvon.
Vidoday aytilgan beadogʼ hasrat:
“Senga inonaman, azizim, inon”.
Bir tutam tunlarda tahajjud, nola.
Olov oralagan suvlar-uyurlar.
Gʼurubga termulib toʼkilgan jola.
Hulvolar minorday tiklagan gullar.
Derazalar ochiq tongdan shomgacha,
Va shomdan tonggacha zoru zor boqqay.
Yodimni oʼragan mudhish koʼlanka
Bori borliqlardan – yorab! borroqday.
Jismidan uzilgan ovozlar,
Yana
Ovozsiz jismlar qonimni dogʼlar.
Erigan mis kabi koʼrinar samo,
Yungday yengil tortib bormoqda togʼlar.
Sen – umid bandisi,
Men – majruhxotir.
Bizning haqiqatlar Oʼziga ayon.
Nechun tark etmaydi majhul xavotir?
Bu ochun gullarni yular beomon.
Sen – yorugʼxayolsan. Men – uzlatparast.
Koʼzim chuqur-chuqur koʼrgan. Gunohkor.
Senga inonaman, azizim.
Faqat
Nechukdir umumiy ishonchsizlik bor.


Hamma yoq toʼzigan.
Hamma yoqda kuz.
Oʼzgarib ketgandek olamning tarhi.
Bir his bor, yorishmas nechundir ul his,
Ne u, Rauf Parfi?
Аyting, Rauf Parfi.
Mana, olis tonglar tobora yaqin,
Mana, tungi namlar tobora bisyor.
Qarang, Rauf Parfi, nechundir-nechun
Ogʼzimizda goʼyo qonning taʼmi bor.
Balki shafaq taʼmi,
Balki jon taʼmi…
Jilmayib qoʼydingiz balki xastahol.
Evrular betinim yulduzlar shamʼi,
Ovozlarni olib ketmoqda shamol.
Shomlar ayvonni tark etgimiz kelmas.
Kuz – oltin. Shohona xayollar suramiz.
Tushlar yorugʼdir-u… lekin bir nafas
Yorishmas, yorishmas nimadir bir his.
Balki oʼtayotgan umrdan malol.
Qaqnusday sezamiz oʼlim sharpasin.
Bir uchqun vasvasa, bir uchqun xayol,
Bir uchqun muhabbat…
Ehtimol
Ichimizda bordir xoʼrlangan odam,
Ufqimizni botmas quyoshday yopar.
Oʼsha boʼzlatardi balki Sizni ham.
Yolgʼon baxtiyorlik uni yupatar.
Gʼozlar shovqinidan chayqalar havo.
Teraklar shildirar.
Kuz – bayram, kular…
Nechun goho, shoir, ul shov-shuv aro
Oʼlik chiqqan uyning jimligi kelar…

Leave a Reply

Your email address will not be published.