LEYLA MUSTAFASAYYARDAN HAYОTIY HIKOYА:
FARISHTADEK AYOL EDILAR…
ISTATXON ISMLI AMMAM BOR EDILAR… Dadamning vafotlaridan keyin bir hafta o‘tib Domodedovo shahri,Moskvada orttirgan tanish bilish,do‘stlarga dasturxon yozib,Qur’on tilovat qilishni niyat qildim.Allohga behisob shukr. Aytganlarim, eshitganlar kelishdi.Go‘zal qiroat, amri ma’ruf,dildan suhbat,dilbardorliklardan ancha yengil tortdim.Dadamni ko‘rmaganimga bir yildan oshib qolgan edi.Sog‘inch…Armon…Alam…O‘sha kechasi boshimni yostiqqa qo‘yarkanman,Qodiru Qudrat Allohdan dadamni hech bo‘lmasa bir marta tushimda ko‘rishimga imkon berishini so‘radim.Yaxshi tush ko‘rdim o‘sha kech.Faqat tushimda dadajonimni emas,ammamni ko‘rdim.Istatxon ammamni.Ammaginam…Birmas,ikki bora farzand dog‘ida kuygan ammaginam…Istatxon ammam menga bir shohkosada mijjaba -mijja to‘la holva beribtilar.Lavz holva!Men bolalikdan yaxshi ko‘rib,suyib yeydigan holva!Tushda ko‘rilgan shirinlik yaxshilikdan,rizq nasiba oshmog‘i,hayot yaxshilanmog‘idan darak.Uyg‘onib ketib,qayta uxlolmadim.Xotiralarimning qat-qatidan ammam bilan bog‘liq xotiralar qalqib chiqaverdi,qalqib chiqaverdi… Ammam dadamga juda juda o‘xshardilar.Hamma qarindosh urug‘lar yon-verimizda,bitta Istat ammam uzoqda,qishloqda yashardilar.Bibijonim hikoya qilardilarki,bobom ammamni kambag‘alroq bo‘lsada imonli,diyonatli va oriyatli kishining o‘g‘liga bibimning qarshiliklariga qaramay uzatgan ekanlar.Sababi u kishi bobomga shunday degan ekanlar:-Sizning ostonangizga qizingizni so‘rab borishni orzu qilaman.Ammo siz mendek xoksorga qizingizni bermas bo‘lsangiz,o‘g‘limning yigit boshi xam bo‘lishidan ko‘nglim xavotir Mullojon.
Bobom nihoyatda xudojo‘y,farishtalik inson edilar. Hasan bobom esimni tanibmanki doim simobi salla o‘rab yurar,namozlarini kanda qilmasdilar.sallalarining bir uchi yelkalariga dovur osilib turardi.Moshguruch soqollari qariyb ko‘ksiga tushgan,oq yuzli,yanoqlari gulobi tuslik qomatbaland,shonador kishi edilar bobom.Bobom esa shu sof dil bilan qilingan iqrorlik sabab -Boring,qizimni xudo istagan bo‘lsa sizning o‘g‘lingizga beraman.Baxtli qizim Bag‘dodda degan ekanlar, deya rozilik bildiribtilar.
Xullas, Istat ammam Mahmud yaznamizga turmushga chiqqach, o‘sha ro‘zg‘orning past- balandi,bor yo‘g‘iga ko‘nib yashay boshlabtilar.Mol boqib, qo‘ni -qo‘shniga ko‘rpa-yostiq, dasturxon-so‘zana tikib berib bir so‘mni ikki so‘m qilib,binoyidekkina shu oilaga quyilib-qorishib yashay boshlabtilar.
Men esimni taniganimda Istat ammamning o‘nta farzandlari bor edi. Ammamnikiga borish biz bolalar uchun bayram edi.Kaaaaattta qozonda to‘ldirib o‘choqda qilingan ovqat,kosalar to‘la chalob,har biri qariyb ko‘ndalangi bir quloch kelguvchi qip-qizil tandir nonlar va albatta dadam uchun atalgan bir kosa limo-lim qaymoq!Dadam qaymoqni bolaliklaridan yaxshi ko‘rishlarini ayta ayta ammam yumshoq nonni dadamning oldilariga suradilar.
-Jiyanlaringizga har kuni muzlatkichda bir kosa qaymoq bo‘lsin.Jo‘rabek kelib qolsalar qaymoq yemay ketmasinlar deyman.Ha,aytganday yana ikki kosani olib qo‘yibman.Olib ketasiz.Saharda yeng uka.Saharda yeyilgan qaymoq kuni bo‘yi odamni to‘q va tetik tutadi.
Dadam ammamga mehrlari tovlanib,nim kulimsirab qarab turardilar. Ammam biznikiga mehmonga kelsalar ham to‘lib toshib kelardilar.Dadam ammam olib kelgan qaymoqni maqtab maqtab yerdilar.Uylariga ketmoqchi bo‘lganda dadam shaxsan o‘zlari olib borib qo‘yardilar Istat ammamni.Oppoq Volga avtomashinalarining oldiga o‘tqazardilar har doim.
Opalarining soddalarcha «viqor va kekkayib »o‘tirishlaridan dadam zavqlanib kular,ammam esa boshlarini baland tutib yuzlariga jiddiylik ifodasi aks ettirib boshliqlardek o‘tirardilar.Ammam xotiramda doim bitta ko‘ylakda muhrlanib qolgan.Havorang krepdishinda pushti g‘unchalar yam yashil bargchalari bilan ko‘rk bag‘ishlab turgan oddiy,o‘zbekona bichimdagi ko‘ylakda.Qizlari Saodat opam bir kun beozorgina,yumshoqqina tanbeh berganlari ham xotiramda.
-Onajonimeyeyeyeyeyeyyyy…Shundan boshqa ko‘ylagingiz yo‘qmi aaaa?
-Bor!Nega bo‘lmas ekan?!Shu ko‘ylagimni yaxshi ko‘raman.Buni…Bu ko‘ylagimni…-ammam ko‘zlari porlab,yuzlari tabassumdan yal yal yonadi.-Bu ko‘ylagimni Jo‘rabek olib bergan!
Haqiqatda ko‘ylakni dadam sovg‘a qilgan ekanlar.Buni ancha keyin bildim.Onam kasalxonada yotganda ammam onamni ko‘rgani borgan ekanlar o‘shanda.Tasodifan kelib qolgan dadam ammamni uylariga keltirib qo‘ymoqchi bo‘lsalar, ammam magazinga kirishlari kerakligi,nevaralariga qand -qurs,ro‘zg‘orlariga zarur mosh,guruch,yog‘ olishlari kerakligini aytibtilar.Dadam bilan yaqin o‘rtadagi magazingacha borishibti.O‘sha magazinni haligacha o‘sha eski nomi bilan-«RAYMAG»deb atashadi buxoroliklar.O‘sha yerdagi gazmollar bo‘limida sotilayotgan matolarni ko‘rib ammaginam ko‘zlari yashnab ketibti.
-Vuuuuuyyyy….Mana bu girbishin(krepdeshin demoqchi)larni qarang Jo‘rabek. Yaznangiz(pochchangiz)oylik olsalar kelib uchchala xilidan ham olaman. Juda chiroyli ekan…
O‘shanda dadam yo‘q deyishlariga qaramay uch xil krepdishin olib bergan ekanlar ammamga.Hokisorgina ammaginam ikki kiyimligini qizlarining sepiga qo‘shib qo‘yib,bittasini o‘zlariga ko‘ylak tikkan ekanlar.Shu ko‘ylaklarini ukam olib bergan deya avaylab,maqtanib kiyib yurgan ekanlar.
-Opamga xuddi men dunyo olib bergandek quvonganlarini ko‘rsang qizim-deya hikoya qilgandilar dadajonim.
Ammamning to‘ng‘ich qizlari,Saida opamning baxt to‘yini yaxshi eslayman.Opam oddiy oq parchadan tikilgan o‘zbekcha bichimdagi ko‘ylak lozimda,boshida «Sadbarg»nusxa zardo‘zi do‘ppi va do‘ppisi ustidan nafis to‘r ro‘mol tashlab olgan edi. Yuzida aslo pardoz yo‘q.Terilgan maysadek qoshlari qop qora,kipriklarida ko‘z yoshlari yaltirab turibti. Biram chiroyli,biram dilbar…Kuyov eshikdan kirib kelayotgan mahal dir- dir titragani esimda.
-Man uyalaman…Begona bir yigit bilan davraga yetaklashib chiqishga,odamlar ko‘zi oldida turishga uyalaman axir…Nuqul shu gapni takrorlagandi qip-qizarib ketgancha.To‘yi davomida goh unsiz,goh hiqqilab,goh o‘ksib yig‘lagandi.Onam oxiri borib so‘radilar.
-Nega yig‘layapsan buncha Saida?
-Uyalib ketyapman yangamullojon.
Eh dunyo!Mana shu uyatdan yig‘lagan halol va pok Saida opamdan keyinchalik bir suyuq oyoqni afzal ko‘rib ko‘nglini ranjitdi pochchamiz.
“-Sen daladan boshqa yerni ko‘rmagan qishloqi!-“mensimadi pochchamiz.O‘zidan keyin to‘qqizta ukasiga qarash,ro‘zg‘or yumushlariga onasiga ko‘maklashish, besh yoshidanoq idish tovoq yuvish zimmasiga yuklangan opam haqiqatda dalada ishlardi.Singillari barisi oliy o‘quv yurtlarini bitirishdi.Saida opamni ammam o‘zlari yakkadastliklari, ro‘zg‘or yumushlariga yordamchiga muhtojliklari sabab o‘qishga qo‘ymagan ekanlar.Xiyonatlar ochiq oydin bo‘lgach,jufti haloli yarim kechda yelkalarida tish izi bilan kelgach,goh umuman kelmay hatto xijolat ham bo‘lmay qo‘ygach Saida opam…o‘z joniga qasd qildi.Tandirda non yopib turgan mahali pochchamizning navbatdagi tahqiriga chidolmay ustiga kerosinni shundoq quyib o‘zi non yopadigan tandir ichiga o‘zini otibti…Tandir ichida gurillab yonayotgan farishta bilan birga ishonch,muhabbat,sof tuyg‘ular yondi o‘shanda.Yurak yurakdan chiqqan chinqiriq og‘riqdanmidi yoki alamdan?…Ammam cho‘kib qoldilar shundan so‘ng.Gʻazabga mingan dadam pochchani xoh qonun,xoh boshqa yo‘l bilan har ko‘yga solishga qudratlari yetardi.
Ammam unamadilar.
-Nevaralarimning otasi-da u, Jo‘rabek ukajon.Qolaversa qudachilik.Qo‘ying ,mayli…Odil hakam xudo! Pochchamga odil hakam odilligini qildi!Hech kimsa til zabondan qolib,itdek angillab xudodan o‘limini tilab yotmasin aslo.Margni ham oson qilsin ekan… Ammamning to‘qqiz qizlaridan yettisi baxtidan tindi.Yana bir qizlari xuddi opasidek nopisandlik,mensimaslikka uchrab ro‘zg‘ori buzildi.O‘shanda ham ammam bir og‘iz na yomon so‘z,na qarg‘ish tillaridan uchmadi.
-Har ne bo‘lsa nevaramning otasi.O‘g‘lim deb xudoning oldida tan olganman.Joni sog‘ bo‘lsin.Haq odil hakam.Shunday deya yana Eng Oliy Hakamga havola qildilar ammam.
Jiyanim esa boshqa turmush qurmadi.Garchi so‘raganlar behisob edi.Bittagina o‘g‘lini oq yuvib oq tarab Haq yo‘lidan chalg‘imadi.Mehnat qilib uylar soldi,kelinlar qildi.Hozir o‘g‘lini ko‘ring!Salobati,amali,raftorini ko‘ring!Havas qilsa arzigulik.Davlatdan ham,aqldan ham xudo bergan.Ko‘z tegmasin jiyanimga!Mensimaganlar esa…Oliy hakam yana haqiqatda oliy hakamligini ko‘rsatdi.Allohim har musofirini rizqini berib,ko‘cha kuyda mast -alast bemanzil tentiratib qo‘ymasin ekan…
Azizlarim!Men ammamni maqtamoqchi emasdim.Shunchaki ammam misolida opaning ukaga mehrini,quda andachilikka oqibat va hurmatini,kuyovlariga izzatini ibrat qilib ko‘rsatgim keldi.Atrofingizga qarang!Istatxon ammamga o‘xshaganlar hammamizning yon atrofimizda bor.Lekin negadir mana shu inson timsolli farishtalar soyada,e’tiborsizlikda yashab o‘tadilar.Bilasizmi nima uchun?Chunki ularda izzattalablik yo‘q.Gina kudrat,kin yo‘q.Olamlarga siqqulik odamgarchilik,oqibat,mehr bor mushtdek yuragida ularning.Kuyovi bilan sudlashgan,kuyovining yoqasini yirtib qudalari bilan boriki yomon so‘zlarni aytib ayuhannos solib urushib yurganlarni ko‘rganimda ammamning dadamga aytgan gaplari qulog‘im ostida jaranglaydi.-Jo‘rabek!Albatta kuyovingizni o‘rningizdan turib kutib oling va turib kuzating ukajonim!Axir azaldan eshitganimiz bor:PAYGʻAMBARIMIZ KUYOVLARINI IZZAT QILGANLAR!
LEYLA MUSTAFASAYYAR
