Bir marosimda uch-to‘rt kishi u yoqdan bu yoqdan gaplashib o‘tirardik. Ichimizda kimdir yonidagiga choy uzatarkan:
“O‘rtoq, qizingni uzatibsan, endi o‘g‘lingni ham uylantirarsan?”, dedi.
Piyolani olarkan, u:
“Yo‘q, o‘g‘lim hali uch yil o‘qishi kerak. Bu yoqda joy muammosi ham bor. Bilasan onamiz, to‘qsondan oshdilar. U kishi bandalikni bajo keltirsalar, kelinni kampirni uyiga tushiraman”, dedi.
Esim og‘ib qoldi.
“Onasi o‘lganidan keyin to‘y qiladigan” kishi yoshlari ellikdan oshgan, oliy ma’lumotli, yurt ko‘rgan boobro‘ kishi bo‘lganidan salobati bosdimi, xech birimiz churq etolmay qoldik.
Buni qarangki, shu xonadonda aytilganidek uch yildan keyin to‘y bo‘ldi. Yangi kelin kampirning uyiga emas, qaynotasining uyiga tushdi. Chunki bir yil muqaddam yurak xurujidan vafot etgan o‘g‘lining o‘rniga kampir nevarasini uylantirgan edi…
Abdurahim Alamov
