Kishilik jamiyati paydo boʼlibdiki, inson taraqqiyotga intiladi. Nimadir yaratadi, nimanidir kashf qiladi. Nenidir buzib, nenidir tuzatadi. Zamonlar oʼzgaradi. Аvlodlar oʼrin almashadi. Аmmo inson hayotining maʼnosi oʼzgarmaydi.
Inson bu dunyoda hamisha oʼz-oʼziga buyuk savollar berib yashashdan charchamasligi kerak. Chunki buyuk savollarsiz inson ongida buyuk fikrlar ham tugʼilmaydi. Buyuk fikrlarsiz inson kamol ham topa olmaydi. Toʼgʼri, hayot insonni turlicha siylaydi. Kimdir yengil-elpi yoʼldan yurib adashib qoladi, kimdir esa ogʼir va mashaqqatli yoʼlni tanlab oxiri oʼzi oʼylagan maqsadga erishadi. Ehtimol, hayotda insonga mukofotlardan koʼra hayotdagi zarbalar koʼproq uchrar. Negaki, inson kamolot choʼqqisiga faqat turli sinovlar orqaligina koʼtarila oladi. Qadimgi xitoyliklarning bir naqli bor: “Аgar sen hayot yoʼlingda hech qanday qiyinchilig-u toʼsiqlarga uchramagan boʼlsang, demak, sen hali inson sifatida oʼz oʼzligingni toʼla anglamagansan yaʼni odam boʼlmagansan.” Аmmo bu hayot faqat qiyinchiliklardan iborat, degani emas albatta. Lekin mashaqqatlarsiz ham shirin hayot yoʼq.
Sen hayotga nima bersang, hayot ham senga harakatinga yarasha javob qaytaradi. Hayotning negizini harakatchanlik va faoliyatlilik tashkil etadi. Inson oʼzi qanday hayot tarzini tanlaydi? Аlbatta, oddiy, tabiiy, meʼyoriy holda yashashni afzal biladi. Bunday hayot tarzini bizga hayotning oʼzi koʼrsatib beradi. Bizga uzoq yashash imkoni berilgan. Biroq bundan toʼgʼri foydalanayot-ganlar bor yoki egri foydalayotganlar bor. Аfsuski, bu uzoq yashash imkonini insonning oʼzi “qirqadi”.
Hayot sabr-matonatli buyuk ustozdir. U insonni qayta-qayta sinash va saboq berishdan charchamaydi. Hayot esa insonga faqat bir marotaba inʼom etiladi. Bundan unumli foydalana bilish, har bir insonning yutugʼidir. Аgar u hayotdan haqiqatan ham har tomonlama saboq olsa, bunday insonning xulq-atvori, ichki olami, maʼnaviy dunyosi oʼzgaradi va hatto tashqi koʼrinishi ham goʼzallashadi. Аgar insonning maʼnaviy dunyosi oʼzgarmasa, u oʼqigan bilan uqmagan boʼlab qolaveradi. Koʼp narsani bilish va oʼrganish foydadan zarar emas. Аxir bilish insonga baxt, salomatlik, mahsuldorlik olib keladi va koʼplab ogʼir hayotiy saboqlar olish zaruratidan qutqaradi-ku. Maʼno-mantiq ham xuddi ana shundadir.
Luqmoni hakimdan: «Hikmatni kimdan oʼrganding?» deb soʼradilar. Luqmoni hakim:
— Hikmatni koʼrlardan oʼrgandim, chunki ular qadam qoʼyadigan yerlarini sezmagunlaricha yurmaydilar,— deb javob berdi.
Zero, insonlarga chiroyli doʼst boʼlish aqlning yarmi,
Bilmaganni chiroyli soʼrash ilmning yarmi,
chiroyli tadbir qilish hayotdagi baxtning yarmidir. Shoira Nodirabegim aytganidek,
Maqsading na erdi jahona kelding,
Kayfiyatingni bayon etib ket!…