NURLI TUYG`ULAR

NURLI TUYGʼULАR


Koʼpdan kutdim kuzatsam zora,

Lablaringning harakatini.

Tangrim senga lutf etib bergan

Sukut soʼzlar barakotini.

Firoq ichra koʼpdan intiqman-

Dilda yonar ismsiz bir oʼt.

Koʼngil faqat senga intizor,

Yurak aytar sen uchun durud.

Muhabbatning ming bir kuyi bor,

Bor qaygʼumni ichga yashirdim.

Har zarramu hujayramgacha

Borligʼimni kuyga topshirdim…


Umidim, umrimga yarashgan,

Umidim, kunlarim mazmuni.

Koʼzlari baxt ila soʼrashgan,

Eng shirin damlarim afsuni.

Umidim, umrimga yarashgan

,Orzuyim, yashirin armonim.

Boʼylari oftob-la boʼylashgan,

Kulgusi dardimga darmonim.

Umidim, koʼzlari suyunchlim,

Koʼrsat, kipriklaring koʼrayin.

Koʼzim ustida boʼl har doim,

Kel, kiprik oʼrnida koʼrayin,

Ey doʼstim, umrimning chiroyi…


Hech qalbni senchalik istamaganman,

Hech kimga senchalik ochmaganman dil.

Ishq dardin mardlarga chiqargan ekan,

Sogʼinchdan yuragim kul boʼldi butkul.

Ol, kuzning serhasham neʼmatlarini,

Qishning pok qorlari, nozi ham senga.

Oftobni intizor-intizor kutgan

Qor gulidek qoʼnsam issiq egningga.

Samarqandnimi yo Urganch berayin,

Yulduz toʼla savat, ol ganj berayin.

Senga oshiq shohu piyodalari-

Dunyoi ajibdek shatranj berayin.

Faqat ayt, koʼksingni ezgan sir nima,

Diling tilmoqdasan kim uchun sheʼrda.

Hech kimsa sevolmas seni menchalik,

Аyt, bunday ishq yoʼqdir endi hech yerda.

Soʼzlasang, soʼzingday asal topilmas,

Koʼnglingday sirga kon masal topilmas.

Ishqingda bemorlar safini koʼrgin,

Sogʼinchdan men kabi kasal topilmas…


Seni umid bilan yaxshi koʼraman,

Seni deb toʼkilgan koʼz-yosh ham shirin.

Shu bois koʼchangda maʼyus turaman,

Sen goʼzal sirimsan ochiq-yashirin.

Shu yetti raqamni teraman tinmay,

Men baxtsiz hech senga emasman loyiq.

Hatto bir “allo”ga arzimaymanu,

Faqat sening haqda orzum chiroylik.

Qishlarga bermagan bahorimsan sen,

Koʼchangda tosh boʼlay, bosmasdan oʼtma.

Umrimning eng shirin saharisan sen,

Iltimos, yuragim toʼridan ketma!


Taxayyurning kaftida

Tagʼayyur donalabdi.

Qushim, yulduz terib ye,

Tafakkur donalabdi.

Koʼkka yetmadi boshim,

Figʼonim-nolam yetdi.

Rasul oyogʼiga bosh

qoʼymoqqa olam yetdi.

Chashmimning savagʼichi

Kunni savab,toʼn etdi.

Va uni kiymoqlikka

Olamni mahkum etdi.

Sufim giribodidan

Ruhimgʼa alami yetdi.

Men yetmagan chiroyga

Birgina qalam yetdi.

14.02.1992 yil.


Men shoirmi?…(Choʼlpon).

Juvoldiz inida jovidon yashar,

Qiyomatgacha mast mahobat –bashar,

Mening salotinim qabogʼi qaqshar

-Men shoir boʼldimmi…

Men shoir boʼldimmi Bedil xumini

Oʼksigan sharobdan asrab-aritib,

Uxlatib yuribman koʼngil damini

Xayolning yengiga aritib-aritib.

Men shoir boʼldimmi sheʼrim boshogʼi

Chumolilarga yem boʼlgan dunyoda.

Yoʼq boʼlsa osmonning uzun sirtmogʼi

Bosh olib ketayin Surxondaryoga.

Oʼlgan boʼlsa agar jannatiy boʼsa

Uni tiriltgani keldimmi?

Rost soʼz gar toshlar yutgan qiz boʼlsa

Men ham shoir boʼldimmi…

18.01.1991 yil.


HАYoTDАGI KАMLАRIM

Birma bir tark etmoqda,

Koʼnglimning odamlari

.Kundan kunga ortmoqda

Hayotdagi kamlarim.

Аql, sabr, kuch, ishonch-

Shu toʼrt ustun-umidim.

Yarashigʼing yoʼq ey dil,

Yurak, sevgin debmidim?!

Аsrlar shamolida

Qolib ketmas damlarim.

Hali boʼladi unut

Hayotdagi kamlarim.

Oʼzi sahro boʼlganlar

Kimga maysa tutolar.

Hushyorlikni na bilsin

Baxtlari uyqudalar.

Koʼp alamli emasdir

Аrmonlar bilan oʼtsang.

Eng achinarlisi shu-

Kurashishni unutsang.

Garchi, sanasalar yoʼq

Faloni raqamlarim.

Kimlargadir yutqiziq-

Hayotdagi kamlarim.

Umr-tun, yoqay unda

Tugaguncha shamlarim.

Аgʼyor, qolmasin sizga,

Аytmagan salomlarim.

Hali kam, hali yarim,

Siz kutgan ul damlarim!

Baxt tezligin oshirar,

Hayotdagi kamlarim !…

Gulandom Togʼaeva